Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi | O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Huzuridagi Davlat Zaxiralarini Boshqarish Qo'mitasi
 

O'zbekiston yangiliklari

05.01.2019 09:48

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-yanvar kuni joriy yil 1-yanvardan boshlab Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston Respublikasi vakilining shunday yuqori va masʼuliyatli lavozimga – SHHT Bosh kotibligiga tasdiqlanishi tarixiy voqea ekanini taʼkidladi.

Birinchi marta mamlakatimiz fuqarosi xalqaro tashkilotning rahbari etib tayinlandi.

Uchrashuv chogʻida Oʻzbekiston Prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot uchun samarali maydon, koʻp qirrali hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi.

SHHTning asosiy hujjatlarida mustahkamlab qoʻyilgan mamlakatlarning suvereniteti,, mustaqilligi, hududiy yaxlitligi va davlat chegaralarining daxlsizligini oʻzaro hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, tenglik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish kabi tamoyillarning asosiy roli qayd etildi.

Oʻtgan davr mobaynida koʻp tomonlama hamkorlikka doir salmoqli shartnomaviy-huquqiy baza shakllantirildi, SHHTning 30 ga yaqin ishchi organi muvaffaqiyatli faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

Xorijiy davlatlar hamda xalqaro tuzilmalarning mazkur nufuzli tashkilot bilan sheriklik munosabatlarini yoʻlga qoʻyishga qiziqishi tobora ortib borayotgani taʼkidlandi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligiga alohida eʼtibor qaratdi. Xavfsizlikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, turizm, qishloq xoʻjaligi hamda mintaqalararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish kelgusidagi ustuvor yoʻnalishlar sifatida qayd etib oʻtildi.

Mamlakatimizda Tashkilot doirasida hamkorlikni rivojlantirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Toshkent shahrida SHHTning Xalq diplomatiyasi markazi taʼsis etildi, Samarqand shahrida “Ipak yoʻli” turizm xalqaro universiteti tashkil qilinmoqda.

Oʻzbekiston tomonining tashabbusiga muvofiq Sindao sammiti yakunida SHHT davlat rahbarlarining Yoshlarga qoʻshma murojaati hamda uni amalga oshirish boʻyicha Harakat dasturi qabul qilindi.

Uchrashuv soʻngida davlatimiz rahbari V.Norovga SHHT Bosh kotibi lavozimida omad va muvaffaqiyat tiladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti